info@yangihayottumani.uz   Zaif ko'ruvchilar uchun Ovozli o'qish

Qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod qilmaydi

Qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod qilmaydi
timeicon 25-11-2023



Yer – strategik jihatdan eng muhim tabiiy resurslardan biri. Shuning uchun undan maqsadli va samarali foydalanishda qonuniylikni taʼminlash davlatning ustuvor vazifasi sanaladi.
Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasining Yangihayot tuman boʻlimi xodimlari tomonidan yer toʻgʻrisidagi qonunlar ijrosi ustidan tizimli nazorat oʻrnatish, yer uchastkalarining oʻzboshimchalik bilan egallab olinishiga yoʻl qoʻymaslik choralari koʻrilmoqda.

Agentlikning tuman boʻlimi xodimlari tomonidan aholi oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Shunga qaramay, afsuski, jismoniy va yuridik shaxslar ishtirokida yerdan noqonuniy foydalanish, yer maydonlarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish holatlari hali ham uchrab turibdi. 2023-yilning oʻtgan 10 oyi davomida tuman boʻyicha aholi yashash manzillarida umumiy 254 ta holatda 7,75 gektar yer maydonida qonunbuzarlik holatlari aniqlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan qonunbuzar fuqarolarga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan maʼmuriy jazo choralari koʻriladi. Yer bilan bogʻliq qonunbuzilish holatlarini oʻz vaqtida bartaraf etish yuzasidan ogohlantirish xatlari, shuningdek, maʼmuriy ish koʻrilishi yuzasidan koʻrsatma va xabarnomalar qonunchilikda belgilangan tartibda taqdim etildi.

Jumladan, 192 ta holat boʻyicha maʼmuriy choralar koʻrildi. 62 nafar shaxs huquqbuzarlik oqibatlarini bartaraf etgani sababli javobgarlikdan ozod qilindi.

Shuningdek, oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida 134 ta holatda fuqarolar tomonidan 5,83 gektar yer maydonlari oʻzboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi. Ushbu holatlar boʻyicha tushuntirish ishlarining olib borilishi natijasida 70 ta holatda 4,72 gektar yer maydoni fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etilib, asl holatiga qaytarildi. Qolgan 64 ta holat yuzasidan sud tartibida koʻrib chiqish uchun sud organlariga daʼvo arizalari kiritildi.

Yer kodeksining 91-moddaciga koʻra, oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari ularga gʻayriqonuniy ravishda egalik qilingan va foydalanilgan vaqtda qilingan sarf-xarajatlar qoplanmagan tarzda tegishliligiga koʻra qaytariladi.

Yer uchastkalarini foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish, shu jumladan, undagi imoratlarni buzish yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olgan shaxslar hisobidan amalga oshiriladi.

Shunday ekan, yerga oid qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilishingiz, bu yoʻnalishdagi huquqiy bilimlaringizni muntazam ravishda oshirib borishingiz zarur, albatta. Chunki qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod boʻlishga asos hisoblanmaydi.

Xayrulla YUNUSOV,
Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi Yangihayot tumani boʻlimi boshligʻi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech