info@yangihayottumani.uz   Zaif ko'ruvchilar uchun Ovozli o'qish

Aholini ro‘yxatga olish savolnoma varag‘i shakllari

Aholini ro‘yxatga olish savolnoma varag‘i shakllari
timeicon 20-11-2024

Aholini ro‘yxatga olish savolnoma varag‘i shakllari

Savolnomalarga ma’lumotlar aholini ro‘yxatga olishning aniq payti bo‘yicha kiritiladi. Aholini ro‘yxatga olishning aniq paytidan keyin sodir bo‘lgan jarayonlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish amalga oshirilmaydi. Masalan, aholini ro‘yxatga olishning aniq paytidan keyin tug‘ilgan chaqaloqlar uchun savolnomalar to‘ldirilmaydi, lekin aholini ro‘yxatga olishning aniq paytidan keyin vafot etgan shaxslar uchun savolnoma to‘ldiriladi. Savolnomalar vafot etgan shaxslarning oila a’zolari yoki o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi mavjud ma’lumotlar bazasi asosida to‘ldiriladi.

Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishning asosiy usuli – aholi (respondentlar) o‘rtasida so‘rov o‘tkazish orqali savolnomalarni to‘ldirish hisoblanadi. So‘rov aholini ro‘yxatga olish jarayonlariga vaqtincha jalb etiladigan xodimlar tomonidan amalga oshiriladi.

Respondentlarning shaxsga doir ma’lumotlarni to‘plash vaqtincha jalb etiladigan xodimlar tomonidan, O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonunining 24-moddasida maxsus ijtimoiy muassasa va tashkilotlar xodimlari tomonidan so‘rov o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi, shuningdek Internet tarmog‘ida maxsus dasturiy ta’minotdan foydalangan holda elektron savolnomalarini to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.

Savolnoma shakllari quyidagilardan iborat:

1-shakl. “Turar joyning xususiyatlari va unda yashovchilar ro‘yxati”;

2-shakl. “Shaxsga oid savolnoma”, o‘z ichida shaxsga oid savollarni aks ettirgan savolnoma shakli bo‘lib, bunda turar joyda vaqtincha turganlar uchun ham to‘ldiriladi.

3-shakl. “O‘zbekiston Respublikasiga vaqtincha kelgan chet el fuqarolari uchun savolnoma”, doimiy boshqa mamlakatda yashovchi, ammo aholini ro‘yxatga olish davrida vaqtinchalik O‘zbekiston Respublikasi hududida yashovchi yoki tashrif buyurgan (turistik maqsadlarida, o‘qish, ishlash, sayyohat, davolanish, xizmat safari bilan bog‘liq, qarindoshlarini ko‘rish maqsadlari va h.k.) shaxslar uchun to‘ldiriladi.

4-shakl. “Aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish bo‘yicha savolnoma”, maxsus muassasa va tashkilotlarda ro‘yxatga olinadigan respondentlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, savolnomada ushbu muassasada yashovchilarning ro‘yxati yoziladi va shu bilan birgalikda har bir respondent uchun 2A-shakl ham to‘ldiriladi.

Aholining ayrim toifalari – O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari xodimlari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ularning o‘zi bilan birga bo‘lgan oila a’zolari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlardagi kvotalangan lavozimlarga yuborilganlar, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga jalb etilgan harbiy xizmatchilar va ularning yopiq hududlarda yashayotgan oila a’zolari, zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlarida, qamoqda saqlash joylarida, tergov hibsxonasida, axloq tuzatish muassasalarida va maxsus muassasalarda yashayotgan (bo‘lgan)lar; bolalar internatlarida, “Bolalar shaharchalari”da, ijtimoiy muassasalarda, muruvvat yoki saxovat uylarida, diniy muassasalarda, shifoxonalarda va boshqa sog‘liqni saqlash tashkilotlarida yashayotgan (bo‘lgan yoki davolanayotgan)lar, uysiz (boshpanasiz) shaxslar hisoblanadi.

5-shakl. “Vaqtincha turgan joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun nazorat varaqasi”, doimiy yashash joyi respublikamizning boshqa hududida bo‘lib, aholini ro‘yxatga olish davrida vaqtincha boshqa hududda yashayotgan (bo‘lib turgan) shaxslar uchun mo‘ljallangan. Misol uchun, respublikamizning boshqa hududlaridan kelib, Toshkent shahrida vaqtincha yashayotgan shaxslar.

“Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga muvofiq, aholini ro‘yxatga olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, respublika hududidan tashqarida bo‘lgan, lekin O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari respondentlar hisoblanadi.

Aholini ro‘yxatga olish jarayonida respublikada yoki xorijiy davlatlarda vaqtincha bo‘lib turgan barcha O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va ro‘yxatga olish vaqtida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda xorijda doimiy yashovchi, lekin aholini ro‘yxatga olish vaqtida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan barcha shaxslar ro‘yxatga olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan chet davlatlar doimiy vakolatxonalarining, xalqaro, hukumatlararo tashkilotlar va chet davlatlar hukumat tashkilotlari vakolatxonalarining xodimlari bo‘lgan chet el fuqarolari hamda ularning oila a’zolari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq diplomatik imtiyozlarga va immunitetga ega bo‘lgan boshqa shaxslar ro‘yxatga olinmaydi.

Aholini ro‘yxatga olish paytida chet elga bir yil yoki undan ortiq muddatga xizmat safari, ishlash, o‘qish, shuningdek dam olish, davolanish uchun yoki boshqa maqsadda ketgan shaxslar ro‘yxatga olinmaydi.

Respondentlar o‘zining (doimiy yoki vaqtincha) yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi. Kunlik tungi dam olishining ko‘proq qismini o‘tkazadigan uy, kvartira, yashash uchun foydalanilayotgan boshqa turar joy yoki noturar joy bino yashash joyi hisoblanadi. Bu joy respondent ro‘yxatdan o‘tgan (ro‘yxatga qo‘yilgan) manzil bilan mos kelishi yoki mos kelmasligi ham mumkin.

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech