Yangihayot tumani hokimligida O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga kiritilgan o'zgarish va qo'shimchalar yuzasidan tuman hokimi o'rinbosari va tuman hokimligi bosh yuriskonsulti tomonidan yig'ilish bo'lib o'tdi.
Unda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida tushuncha berildi. “Jinoyat-ijroiya kodeksi”ga mahkumlarning tuzalish yoʻliga oʻtganligini aniqlash mezonlari kiritildi.
Mahkumlarning tuzalish yoʻliga oʻtganligi komissiya tomonidan har chorak yakunlariga koʻra, quyidagi mezonlardan biri asosida belgilanadi:
1. Mahkumning mehnatga vijdonan munosabatda boʻlishi, belgilangan mehnat normalarini bajarishi, ongli ravishda mustaqil ishlash koʻnikmalarining shakllanganligi, oʻqishga va kasb-hunar oʻrganishga qiziqishi;
2. Mahkumning jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etiladigan madaniy-maʼrifiy tadbirlardagi ishtiroki, uning tashabbusi, boshqa mahkumlarga ibrat boʻlishga intilishi;
3. Mahkumning jazoni ijro etish muassasasida oʻrnatilgan ichki tartib-qoidalariga rioya etishi, mahkumga nisbatan ragʻbatlantirish choralari qoʻllanilganligi, unga intizomiy jazo chorasi qoʻllanilmaganligi.
Mahkumni tuzalish yoʻliga oʻtgan yoki oʻtmagan deb topish toʻgʻrisidagi xulosa komissiya tomonidan rasmiylashtiriladi va mahkumning shaxsiy yigʻmajildiga qoʻshib qoʻyiladi. Shu bilan birga, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar ishdan bo‘sh soatlarda, tungi dam olish uchun ajratilgan vaqtdan tashqari, kinofilmlar va teleko‘rsatuvlar ko‘rish, radioeshittirishlar eshitish huquqiga ega bo‘ldi.
Yig’ilishda, shuningdek, jinoyat sodir etgan voyaga yetmagan yoshlar va diniy ekstremistik oqim a'zosi sifatida ro'yxatga olingan shaxslar bilan olib borilayotgan ishlar maxsus komissiya tomonidan muhokama qilindi.