“Ishonch” gazetasining 22-sonida quyosh panellariga bag’ishlangan maqola e’lon qilingan. Maqolada Yangihayot tumanidagi ko’p qavatli uylardan biriga fuqarolar noroziligiga qaramay quyosh paneli o’rnatilgani haqidagi ma’lumot ham qisqacha keltirib o’tilgan.
Ma’lumki, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash hamda “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, 2026-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish vazifasi belgilangan. Shu munosabat bilan bugungi kunda shahrimizda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari hamda aholi turar joylarida muqobil energiyadan foydalanish borasida qator ustuvor loyihalar amalga oshirilmoqda.
Tumanimizning Al-Farg’oniy mahallasi hududidagi 51-uy binosiga ham elektr energiyasini tejash, aholiga qulaylik yaratish maqsadida quyosh panellari o’rnatilgan. Buning boisi, mazkur mahalladagi ko’p qavatli uylarga xizmat ko’rsatuvchi “Nurafshon obod” boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan tuman hokimligiga ko’p qavatli uyning lift va uning yoritish chiroqlaridagi elektr energiyasini tejash, buning uchun quyosh panellarini o’rnatish bo’yicha murojaat qilingan. Shundan so’ng, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 50-sonli qaroriga asosan, manzilli dastur asosida mahallaga 1 mlrd. so’m ajratilgan bo’lib, quyosh panellari mazkur mablag’lar hisobidan o’rnatilgan.
51-uy Al-Farg’oniy mahallasida eng ko’p elektr energiyasi sarflanadigan va aholi soni ko’p bo’lgan uy hisoblanadi. Shu bilan birga, uyning tom qismi quyosh panellari o’rnatish talabiga ham javob beradi. Ya’ni uyning tom qismi yassi joylashgan bo’lib, profnastil bilan qoplanmagan. O’rnatilgan quyosh panellari 81 ta bo’lib, umumiy quvvati 44,5 kVt/s.ni tashkil etadi. Mas’ullar tomonidan o’rganish ishlari olib borilganda tomga hech qanday zarar yetkazilmaganligi, quyosh panellari tomga emas, shaxtalarga mustahkamlanib, germetizatsiya qilinganligiga guvoh bo’ldik. Shuningdek, quyosh panellari o’rnatilgan tom qismida nosozlik yuzaga kelsa, uni ta’mirlash quyosh paneli o’rnatgan korxona (“Emaar Build” MCHJ) zimmasiga yuklatiladi. Bu bo’yicha tuman hokimligi mas’ullari tomonidan quruvchi korxonadan kafolat xati ham olingan.