RАSMIY MUNOSАBАT
Bugun Telegram ijtimoiy tarmoqlaridan birida eʼlon qilingan “Yangihayot tumani hokimi noqonuniy qurilgаn doʼkonlаr “tаnkаsigа” аylаndimi?” nomli xabar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz:
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 10-iyuldagi “Toshkent shahri Yangihayot tumanida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 409-sonli qaroriga asosan, Yangihayot tumanidagi Mehrigiyo koʼchasining 1 km qismi tun-u kun faoliyat koʼrsatadigan savdo, koʼngilochar va gastronomik hududga aylantirilishi belgilangan.
Qaror ijrosini tashkil etish maqsadida 2024-yil 13-iyul kuni Yangihayot tumani hokimi va sektor rahbarlari Yangihayot tumani Mehrigiyo koʼchasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar bilan uchrashib, tadbirkorlik subʼektlarini 24/7 rejimida faoliyat yuritishiga sharoit yaratish, jamoat tartibi va soliq intizomini taʼminlash boʼyicha fikr almashildi. (https://t.me/yangihayot_hokimligi/19558)
Yigʼilishda tuman hokimi yoki boshqa rahbarlar tomonidan hech qaysi masʼulga noqonuniy qurilmalarni legallashtirish yohud noqonuniy faoliyatga ruxsat berish, bu boʼyicha aholidan imzo yigʼish, sud qarorlarini bajarmaslik, alohida tadbirkorlik subʼektlariga imtiyoz, preferensiya, eksklyuziv huquqlar taqdim etish boʼyicha topshiriq yoki koʼrsatma berilmagan.
Yangihayot tumanida tuman hokimligi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda, iyun-iyul oylarida 35 ta noqonuniy qurilmalar aniqlanib, ularning 16 tasi ixtiyoriy bartaraf etilgan, 19 ta holat yuzasidan sudlarga daʼvo arizalari kiritilgan. Shu bilan birga, majburiy ijro byurosi tuman boʼlimi tomonidan berilgan maʼlumotga asosan, byuroning ish yurituvida noqonuniy qurilmalarni buzishga oid 7 ta sud qarori mavjud boʼlib, ularning ichida Mehrigiyo koʼchasidagi tadbirkorlik subʼektlariga oid ijro hujjati mavjud emas.
Jismoniy va yuridik shaxslarga Yangihayot tumani hokimligi mansabdorlarining korrupsiyaviy xatti-harakatlari haqida maʼlumotlari boʼlsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlari tavsiya etiladi.