Ijtimoiy tarmoqlar orqali Sputnik-17 mavzesi, 8-uy, 37-xonadonda yashovchi fuqarolar haqida material eʼlon qilingach, tuman hokimligi matbuot xizmati tomonidan rasmiy munosabat bildirilgan edi. Bugun yana shu mavzu boʻyicha materiallar tarqalib, fuqaro Aziza Ismoilovaning holati bayon qilingan.
Shuni maʼlum qilamizki, ushbu masala avval ham oʻrganilgan boʻlib, 2016-yildan buyondan beri shu manzilda istiqomat qilib kelayotgan Aziza Ismoilovaning doimiy roʻyxati aslida Zangiota tumanida ekanligi bois, uni tezkorlik bilan “Muruvvat uyi”ga joylashtirishning imkoni boʻlmagan. Bugun ham tuman hokimining oʻrinbosarlari hamda mutasaddi tashkilot rahbarlari tomonidan masala joyiga chiqib, oʻrganildi. Fuqaro Ismoilovani muruvvat uyiga joylashtirish masalasida muzokara olib borishdi.
1949-yilda tugʻilgan, 1-guruh nogironi, yotoqli kasal boʻlgan Aziza Ismoilovani “Muruvvat uyi”ga joylashtirish uchun kerakli hujjatlar talab etilishini va hujjatlarni toʻplash uchun vaqt kerakligini tushuntirib oʻtishdi. Bunga qadar esa, tuman hokimligi tomonidan 1 guruh nogironi Aziza Ismoilovaga ijtimoiy xodim biriktirildi. Yaʼni fuqaro “Muruvvat uyi”ga joylashtirilgunga qadar har kuni ijtimoiy, tibbiy va mahalla xodimlari nazoratida boʻladi.
Yangihayot tuman hokimligi matbuot xizmati OAV va blogerlar uchun doim ochiqligini va konstruktiv muloqotga doim tayyorligini maʼlum qilamiz.