Xalq deputatlari Yangihayot tumani Kengashining Ikkinchi chaqiriq yettinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab, sessiyada Yangihayot tumani adliya bo‘limi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti holati yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axborot hamda tuman IIO FMB tomonidan jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish bo‘yicha 2024-yilning to‘rtinchi choragi davomida amalga oshirilgan ishlar haqida mas’ul rahbarlar hisoboti tinglandi.
Shundan so‘ng mas’ullar tumanda yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash va sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda tuman yoshlar ishlari bo‘limining 2024-yildagi faoliyati haqida sessiya ishtirokchilariga hisobot berdi.
Sessiya davomida Yangihayot tumani mahalliy budjetining 2025-yil qo‘shimcha manbalari mablag‘larini xarajatlarga yo‘naltirish, mahalliy budjetning budjet daromadlari bazasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, mahalliy budjetining 2024-yil to‘rtinchi chorakdagi daromadlar va xarajatlar ijrosi yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Sessiya yakunida tuman hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisining 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.