Toshkent shahrida oʻtkazilayotgan yoshlar oyligining oldingi yillarga nisbatan farqli jihati shundaki, bu yilgi dastur poytaxtdagi yoshlarning har bir qatlami uchun moʻljallangan loyiha va tadbirlarni oʻz ichiga olgan.
Jumladan, poytaxtda oʻtkazilayotgan yoshlar oyligi doirasida Davlat xavfsizlik xizmati, Toshkent shahar IIBB hamda hamkor tashkilotlar yoshlar ishtirokida sport, sogʻlomlashtirish va vatanparvarlik loyihasini amalga oshirmoqda.
Yoshlar Chirchiq dala oʻquv maydonida boʻlib, ommaviy qirgʻin qurollaridan himoyalanish, taktik tayyorgarlik, amaliy oʻq otish, harbiy tibbiy tayyorgarlik, jismoniy tayyorgarlik, oʻq otish kabi mashgʻulotlarda ishtirok etishdi.
Bundan tashqari, ular uchun Boʻstonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da malakali psixologlar, taniqli insonlar ishtirokida uchrashuvlar va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi. Shuningdek, yoshlar oʻrtasida turli xil musobaqalar, tanlovlar va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazilishi ham rejalashtirilgan.