Gʻulomiddinov Xusniddin 17 yoshda. Hozirda tumanimizning 285-umumtaʼlim maktabida 11-sinf oʻquvchisi. 7 yildan beri millionlar oʻyini sanalmish futbol sport turi bilan shugʻullanadi.
Hozirda sport mashgʻulotlarini Pavel Zaxarov murabbiyligi ostida “Toshkent futbol mahorat maktabi”da olib boradi.
– Futbolda eng muhimi jismoniy tayyorgarlik deydiganlar adashadi. Agar siz aqlingizni kerakli joyda ishlatib, kuchingizni kerakli vaqtda sarf qilmasangiz yashil maydonda toʻp surishingizdan maʼno yoʻq, – deydi yosh sportchimiz.
Xusniddin 7 yillik sport faoliyatida qator yutuqlarga erishgan. Jumladan, oʻz jamoasi bilan Qozogʻistonda oʻtkazilgan “Doʻstlik kubogi” musobaqasida 2-oʻrin, Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Professional futbol maktablari ligasi”da 1-oʻrin, Oʻzbekiston ochiq chempionatida 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan.
Yosh futbolchi oʻz jamoasida yarim himoyachi vazifasida toʻp suradi. Kelajakdagi maqsadi Oʻzbekiston milliy terma jamoasi tarkibiga kirib, oʻzbek futbolini jahonga tanitish.