Elbek Doʼstbekov — 21 yosh. Hozirda Toshkent shahridagi YoDJU texnika institutining 2-bosqich talabasi.
Elbek 8 yoshidan beri sportning futbol turi bilan muntazam shugʼullanib kelmoqda.
“Futbolga qiziqishimga sababchi boʼlgan, meni qoʼllab-quvvatlash uchun har bir oʼyinga borib, menga muxlislik qilgan inson dadam boʼladi. Doimo ular mendan faxrlanishlari uchun harakat qilganman”, deydi qahramonimiz.
U bugungi kunga qadar bir qancha oʼyinlarda toʼp surgan va gʼoliblikni qoʼlga kiritgan. Jumladan, 2017-yilda oʼtkazilgan Toshkent shahar kubogida jamoasi bilan 2-oʼrinni egallagan. 2018-yilgi chempionatda “Eng yaxshi himoyachi” sifatida eʼtirof etilgan va taqdirlangan.
“Sogʼ tanda sogʼlom aql” shioriga amal qilgan Elbek sportning bodibilding, stol tennisi va suzish turlari bilan ham shugʼullanadi. Uning eng katta maqsadi — futbol boʼyicha nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, dadasining orzularini amalga oshirish.