Aziz ustozlar, qadrli murabbiylar!
Barchangizga bugungi bayram muborak boʻlsin. Albatta, shiddat bilan oʻzgarib, rivojlanib borayotgan bir davrda yosh avlodni Vatanimiz, xalqimizga munosib farzand qilib tarbiyalash, jamiyatimiz uchun kerakli shaxs sifatida shakllantirish ulkan mehnat va masʻuliyat talab etadi.
Bugungi kunda Yangihayot tumanida faoliyat yuritayotgan 17 ta maktabda 1300dan ortiq oʻqituvchi yosh avlodga taʻlim-tarbiya berib kelmoqda. Qolaversa, tumanimizda turli sohalarda murabbiylik qilib, yoshlarning porloq kelajagi uchun oʻz xissasini qoʻshayotgan fidoyi insonlar ham koʻp.
Koʻz nuri, qalb qoʻri, butun borligʻini jamiyatimiz kelajagi uchun bagʻishlayotgan, otadek moʻtabar, onadek mehribon Siz, aziz ustozlarning hech narsa bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydigan mashaqqatli va sharafli mehnatingiz qadri biz uchun beqiyos.
Fursatdan foydalanib, nafaqat tumanimiz, balki butun respublikamizdagi barcha ustoz va murabbiylarga sihat-salomatlik, xonadonlariga fayz-u baraka, baxt-u saodat, ezgu ishlarida yangidan-yangi yutuq va omadlar tilaymiz. Doim mehnatlaringiz rohatini koʻrib yurish nasib etsin!
Hurmat bilan,
Yangihayot tuman hokimi
Hayot Inogamov