Аssalomu alaykum, muhtaram ustoz va murabbiylar!
Qadrli faxriylar!
Аvvalo, Siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda ustoz degan sharafli nomni ulugʼlab kelayotgan tumanimizdagi barcha insonlarni Oʼqituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy tabriklayman.
Bugun ushbu ayyomni nishonlar ekanmiz, birinchi navbatda qadrdon maktabimiz, bizga harf oʼrgatgan, ezgulikdan saboq bergan mehribon muallimlarimiz siymosi koʼz oldimizda gavdalanadi.
Biz uchun ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsoli boʼlgan aziz va moʼʼtabar zotlar shaʼniga eng goʼzal soʼzlar, ezgu tilaklarimizni izhor etamiz. Hech qachon uzib boʼlmaydigan qarzdorlik hissi bilan taʼzim qilamiz.
Mamlakatimizda soʼnggi yillarda ilm-fan va taʼlim-tarbiya sohasini davlat siyosatining ustuvor yoʼnalishiga aylantirishga qaratilgan, oilada farzand tugʼilganidan boshlab, kamolot yoshiga yetgunga qadar uni har tomonlama qoʼllab-quvvatlaydigan, hayotda munosib oʼrin topishiga xizmat qiladigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratilmoqda.
Prezidentimizning ustoz va murabbiylarga yoʼllagan tabriklarida: “Jamiyatimizda bogʼcha tarbiyachisi, maktab muallimi, oliygohlarning professor-oʼqituvchilari va ilmiy-ijodiy ziyolilarni bugun biz intilayotgan Uchinchi Renessansning toʼrt tayanch ustuni deb eʼtirof etmoqdamiz. Shundan kelib chiqib, ularning hurmat-eʼtiborini oshirish, xususan, muallim va ustozlarning qadri, shaʼni va gʼururini tiklash, mashaqqatli va sharafli mehnatini moddiy va maʼnaviy ragʼbatlantirish boʼyicha boshlagan ishlarimizni albatta yangi pogʼonaga koʼtaramiz.” - deya taʼkidlab oʼtdilar.
Biz bu jarayonda inson kapitaliga eʼtiborni yanada kuchaytirish, buning uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish borasida muhim dastur va loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Masalan, bir yil oldin tumanimizda 19 ta bogʼcha faoliyat koʼrsatgan boʼlsa, hozirgi kunda bu raqam 24 taga, tizimdagi qamrov 52 foizga, 6 yoshdagi bolalar oʼrtasida esa 32,8 foizga yetdi.
Mamlakatimizda yangi turdagi va yangi sifat bosqichidagi taʼlim maskanlari, xususan, tumanimizda umumtaʼlim muassasalarining qiyofasi oʼzgarib, moddiy-texnika bazasi yaxshilanmoqda. Jumladan, oʼtgan oʼquv yili mobaynida muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida davlat byudjeti hisobidan yigirma uch milliarddan ortiq mablagʼlar ajratilishi hisobiga Yangihayot tuman tasarrufidagi 10 ta umumtaʼlim maktablarida qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.
2021-2022 oʼquv yilida 1 ta zamonaviy maktab loyihasi asosida barcha qulayliklarga ega 332-sonli umumtaʼlim maktabi qurilib foydalanishga topshirildi. ayni kunlarda tuman tasarrufidagi 333-sonli umumtaʼlim maktabiga 990 oʼringa moʼljallangan yangi zamonaviy, qulay va barcha sharoitlarga ega boʼlgan bino qurish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, eʼtirof etmoq kerak, bayram arafasida tumanimizdan 6 nafar ustoz-murabbiylar davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor boʼldi. Jumladan,
“Shuhrat” medali bilan 8-sonli umumtaʼlim maktabining fizika fani oʼqituvchisi Jumaniyozov Erkaboy Raxmonovich taqdirlandi.
2-sonli umumtaʼlim maktabining jismoniy tarbiya fani oʼqituvchisi Qurbanov Javdat Ibragimovich, 32-sonli umumtaʼlim maktabining ona tili va adabiyot fani oʼqituvchisi Qoʼldosheva Mexriniso Mardonovna, 303-sonli umumtaʼlim maktabining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʼyicha direktor oʼrinbosari Muxammedova Nilufar Kamolovna, 331-sonli umumtaʼlim maktabining direktor oʼrinbosari Ibragimova Shoira Normuminovna va 331-sonli umumtaʼlim maktabining boshlangʼich sinf oʼqituvchisi Boboqulova Venera Neʼmatullaevna kabi oʼqituvchilarimiz “Xalq taʼlimi aʼlochisi” unvoni bilan taqdirlanishdi.
Аziz ustozlar!
Biz bugun zamonaviy bilim va kasb-hunar, xorijiy tillarni puxta egallab, katta umid va ishonch bilan hayotga qadam qoʼyayotgan, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi boʼlgan ming-minglab farzandlarimiz kamolida oʼqituvchi va murabbiylarimizning beqiyos hissasi borligini yaxshi bilamiz va sizlarning bu ulugʼ xizmatingizni yuksak qadrlaymiz.
Siz, azizlarni qutlugʼ bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu-saodat, ezgu faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga fayz-u baraka tilayman.
Hamisha sogʼ-omon boʼling, muhtaram ustoz va murabbiylar!
Yangihayot tumani hokimi
X.Inogamov