Yangihayot tumani mahalla fuqarolar yig‘ini faollari, nuroniylar, ziyolilar, xotin-qizlar va yoshlar vakillarining “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2023-yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan tuman ahliga
MUROJAATI
Hurmatli Yangihayot tumani aholisi!
Tabiat va atrof-muhitni muhofaza qilish har doim davlat va jamiyat hayoti uchun muhim masalalardan biri bo‘lib kelgan. Ayniqsa, ekologik muammolar jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan hamda global muammoga aylangan bugungi sharoitda yashil olamni kengaytirish masalasi har qachongidan ham dolzarb sanaladi.
Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev raisligida turizm va madaniyat maskanlari imkoniyatlarini to‘liq ishga solish hamda “Yashil makon” kuzgi mavsumini samarali tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida joriy yilning 25-oktabrdan 1-dekabrgacha “kuzgi daraxt ekish mavsumi” deb e’lon qilindi.
Albatta, biz ushbu tashabbusni Yangihayot tumanida har bir mahallada, har bir xonadonda, har bir tashkilotda keng quloch yoyishini, “Yangi O‘zbekiston – yashil makonda birga yashaylik!” degan olijanob g‘oyani qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz.
Ayni kunlarda loyiha doirasida Yangihayot tumanini aholiga qulay, ekologik toza va yashash uchun barcha imkoniyatlar mavjud bo‘lgan hududga aylantirish tadbirlari boshlab yuborildi.
Yangihayot tumanida 2023-yil bahor mavsumida 39 ming tupdan ortiq daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Joriy yilning oktabr-dekabr oylarida,
30 317 tup har xil turdagi ko‘chatlar ekilishi rejalashtirilgan.
Buning uchun tumandagi markaziy va shoh ko‘chalar, istirohat bog‘lari, mahallalar va ijtimoiy obyektlarda bo‘sh yotgan yer maydonlari tayyorlandi.
Albatta, ko‘chat ekilayotganda tumanning iqlim sharoitidan kelib chiqib, kashtan, lola daraxti, lipa, eman, yapon saforasi, katalpa, qayrag‘och, shumtol, pavloniya, tut, archa va boshqa turdagi manzarali va mevali daraxt hamda buta ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda jarayonlar boshlab yuborildi.
Aziz tumandoshlar!
"Yaxshidan bog‘ qoladi", deganlaridek, bugun qadalayotgan har bitta nihol ertangi kunda farzandlarimiz, kelajak avlod uchun ham fayzli bog‘u rog‘, ham ibrat maskani sifatida meros bo‘lib qolishi, diyorimiz musaffoligi, go‘zal tabiatiga munosib ulush bo‘lib qo‘shilishining o‘zi bugungi harakatlardan kutilgan eng muhim muddaodir, aslida.
Albatta, avlodlarimiz kelgusida munosib tabiiy muhitda, toza ekologik sharoitda yashashlari kerak. Buning uchun zarur chora-tadbirlarni belgilagan holda tizimli ishlarni olib borish, aholining, xususan yosh avlodning ekologik madaniyatni oshirish lozim.
Bunga nuroniylar, mahalla faollari, keng jamoatchilikni o‘zi o‘rnak bo‘lgan holda yosh avlod qalbida ona tabiatga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali shakllantirishga erishish mumkin. Shu bois, butun tumanimiz aholisini ushbu umummilliy loyihada faol ishtirok etib, to‘rt faslda ham ko‘zni quvnatadigan manzarali va mevali ko‘chatlarni ko‘paytirishga xissa qo‘shishga chorlaymiz.
Ana shunday ezgu ishlar orqali butun dunyoda kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishlariga ijobiy ta’sir etib, kelajak avlodga musaffo osmon, yashil makon qoldirgan bo‘lamiz. Mazkur xayrli ishlarda nuroniy otaxon-u onaxonlar ham bosh-qosh bo‘lishib, yoshlarni bunyodkorlik tadbirlarida faol bo‘lishga chorlashlari lozim.
Oldimizda qo‘yilgan maqsadni amalga oshirish uchun ko‘chat ekish tadbirlarida har birimiz sidqi dildan mehnat qilishimiz, daraxt ko‘chatlarini ekish bilan birga undirib olish chorasini ko‘rishimiz zarur.
Ishonamizki, yangihayotliklar “Yashil makon” umummilliy tadbirida faol qatnashadilar. Ko‘chat ekish ishlarini har birimiz havas bilan bajarib, tumanimizni bog‘-rog‘larga aylantirish, ekologiyamiz musaffoligini saqlashga o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shish orqali, farzandlarimizga obod, yashillikka burkangan go‘zal Vatan meros qoldiramiz!