info@yangihayottumani.uz   Zaif ko'ruvchilar uchun Ovozli o'qish

Zamonaviy qiyofa kasb etayotgan Yangihayot

Zamonaviy qiyofa kasb etayotgan Yangihayot
timeicon 12-05-2023


Soʻngi yillarda poytaxtimizda keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Muhtasham inshootlar, ilm-fan maskanlari, turar joylar, ijtimoiy obyektlar, yoʻl va koʻpriklar, soʻlim bogʻ va xiyobonlar barpo etilmoqda. Buning natijasida Toshkent shahri izchil rivojlanib, zamonaviy qiyofa kasb etmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, bugun qurilish Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi “drayver” sohalardan biriga aylandi.
Buni birgina poytaxtimizdagi Yangihayot tumani misolida kuzatish mumkin. Tumanda nafaqat keng qamrovli qurilish bunyodkorlik ishlari, balki kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish yoʻnalishlarida ham ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, tuman hududida 170 milliard soʻmga jami yettita 2 ming 860 quvvatli yangi maktabgacha taʼlim tashkilotlari qurilishi yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Shu bilan birga, jami 26 milliard soʻmga 1 080 quvvatli 121-, 566-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotlarida rekonstruksiya va taʼmirlash ishlari yakunlandi va foydalanishga topshirildi.

10 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti joriy taʼmirlandi. Mazkur davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi natijasida, 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olish koʻrsatkichi 65 foizga yetdi.

Tumanda 2 ta: har biri 250 qatnovga moʻljallangan oilaviy poliklinika hamda Tez tibbiy yordam stansiyasi qurib, foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, tumanda yana bitta yangi Oilaviy poliklinika qurish ishlari boshlangan. Bundan tashqari, 37-sonli markaziy poliklinika hamda 1 ta koʻp tarmoqli shifoxona qurish rejalashtirilgan. Hozirda ushbu sogʻliqni saqlash obyektlarini qurish uchun loyiha va loyiha oldi ishlari olib borilmoqda.

Tumanda ichki yoʻllarni taʼmirlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, 2021-2023-yillarda 30 ta mahallada 10 milliard soʻmga umumiy uzunligi 7,6 km. yoʻl asfalt qoplamasi bilan taʼmirlandi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2021-2023-yil davomida 127 ming 936 dona har xil turdagi manzarali daraxt va buta koʻchatlari ekildi. 5 ta “yashil bogʻ” tashkil etildi.

Bir soʻz bilan aytganda, tumanda uy-joy, turli bino va inshootlar bilan birga ijtimoiy infratuzilma obyektlari, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari, taʼlim, tibbiyot, bolalar maydonchalari va sport maskanlari bunyod etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shahnoza Mamaturopova, OʻzA

https://uza.uz/uz/posts/zamonaviy-qiyofa-kasb-etayotgan-yangihayot_481883

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech