Yangihayot tumanida bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olish koʻrsatkichi 65 foizga yetgan
Yangihayot tumani hokimligida tuman hokimi oʻrinbosari Doniyor Xalisov ishtirokida “Yangihayot tumanida bunyodkorlik ishlari – 2022-2023-yillar” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Bu haqda Ogoh.uz muxbiri maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, tuman hududida 170 milliard soʻmga jami yettita 2 ming 860 quvvatli yangi maktabgacha taʼlim tashkilotlari qurilishi yakunlanib, foydalanishga topshirildi.
Shu bilan birga, jami 26 milliard soʻmga 1 080 quvvatli 121-, 566-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotlarida rekonstruksiya va taʼmirlash ishlari yakunlandi va foydalanishga topshirilgan.
“10 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti joriy taʼmirlandi. Mazkur davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi natijasida, 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olish koʻrsatkichi 65 foizga yetdi. Tumanda 2 ta: har biri 250 qatnovga moʻljallangan oilaviy poliklinika hamda Tez tibbiy yordam stansiyasi qurib, foydalanishga topshirildi”, deya takidladi tuman hokimi oʻrinbosari Doniyor Xalisov .
Shuningdek, tumanda yana bitta yangi Oilaviy poliklinika qurish ishlari boshlangan. Bundan tashqari, 37-sonli markaziy poliklinika hamda 1 ta koʻp tarmoqli shifoxona qurish rejalashtirilgan. Hozirda ushbu sogʻliqni saqlash obyektlarini qurish uchun loyiha va loyiha oldi ishlari olib borilmoqda.
“Tumanda ichki yoʻllarni taʼmirlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, 2021-2023-yillarda 30 ta mahallada 10 milliard soʻmga umumiy uzunligi 7,6 km. yoʻl asfalt qoplamasi bilan taʼmirlandi. «Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2021-2023-yil davomida 127 ming 936 dona har xil turdagi manzarali daraxt va buta koʻchatlari ekildi. 5 ta “yashil bogʻ” tashkil etildi», deya qoʻshimcha qildi hokim oʻrinbosari.
https://ogoh.uz/55457/