info@yangihayottumani.uz   Zaif ko'ruvchilar uchun Ovozli o'qish

АHOLI QАNDАY TАRTIBDА ROʼYXАTGА OLINАDI

АHOLI QАNDАY TАRTIBDА ROʼYXАTGА OLINАDI
timeicon 16-06-2022

 

Аholini roʼyxatga olish - belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir maʼlumotlarni yigʼish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni. Bu jarayon respublika boʼylab yoki uning muayyan hududlarida 10 yilda 1 marta oʼtkaziladi. Аholini roʼyxatga olishni oʼtkazish toʼgʼrisidagi taklif Hukumat tomonidan Prezidentga, qoidaga koʼra, rejalashtirilayotgan sanadan 3 yil oldin kiritiladi.
Аsosiy maqsadi aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yoʼnalishlarini belgilash va amalga oshirish uchun zarur boʼlgan ishonchli va xolis axborotni olishdan iboratdir.
Аholini roʼyxatga olish shaxsga doir maʼlumotlarni yigʼish amalga oshiriladigan savollar roʼyxati belgilangan dastur boʼyicha oʼtkaziladi, unda quyidagi savollar boʼlishi shart: FIO, tugʼilgan sanasi va joyi, yoshi, jinsi, millati, fuqaroligi, yashash joyi (turgan joyi), tillarni bilishi, maʼlumoti, nikoh holati, bolalarining soni, uy xoʼjaligi tarkibi, uy-joy sharoitlari, bandligi, yashash uchun mablagʼlar manbalari, migratsiya (ichki va tashqi). Hukumat tomonidan dasturiga qoʼshimcha ravishda boshqa savollar kiritilishi mumkin, biroq unga kiritilganmagan savollarni berish taqiqlanadi. Yigʼilgan barcha shaxsiy maʼlumotlar maxfiy hisoblanadi hamda respondentning roziligisiz ularni oshkor etish va tarqatishga yoʼl qoʼyilmaydi.
Qonun boʼyicha aholini roʼyxatga olish dasturi loyihasini va roʼyxatga olish hujjatlarining shakllarini, shaxsga doir maʼlumotlarni yigʼish hamda boshqa tadbirlarni sinovdan oʼtkazish maqsadida sinov tariqasida aholini roʼyxatga olish oʼtkaziladi. Bu jarayonni oʼtkazish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Respondentlar yashaydigan (turadigan) turar joylarni va boshqa xonalarni aylanib chiqish chogʼida yoxud mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ushbu maqsadlar uchun beriladigan xonalarda roʼyxatga olish varaqlarini toʼldirish orqali respondentlar soʼrovi oʼtkaziladi. Bunda axborot xavfsizligi taʼminlangan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish mumkin.
Respondentlar soʼrovi davlat tilida oʼtkaziladi, davlat tilini bilmaydiganlar ona tilida yoki erkin ravishda tanlangan muloqot tilida soʼrovdan oʼtkaziladi. Roʼyxatga olish varaqlari roʼyxatga oluvchi xodimlar tomonidan (maxsus kontingentdan tashqari) respondentlarning soʼzlari asosida toʼldiriladi. Respondent savollarga javob berishni rad etgan taqdirda, roʼyxatga olish varagʼi fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud maʼlumotlar asosida toʼldiriladi.
Oʼtkazilgan roʼyxat olish natijalariga koʼra yigʼma statistik axborot shakllantiriladi. Аholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy holatining asosiy koʼrsatkichlari foydalanish uchun ochiqdir hamda ular OАVda eʼlon qilinadi va maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Аholini roʼyxatga olish jarayoniga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish davlat byudjeti mablagʼlaridan hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan moliyalashtiriladi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech