Yurtboshimiz joriy yilning 16-mart kuni Davlat soliq qoʻmitasiga tashrifi chogʻida sohani takomillashtirish, xususan, soliq tizimini raqamlashtirish, soliq toʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifati va koʻlamini oshirish, shuningdek, “Soliqchi- koʻmakchi” tamoyili asosida tadbirkorlar bilan bevosita muloqotga kirishib, ularning muammolarini oʻrganish va soliq qonunchiligidagi oʻzgarishlarni tushuntirish yuzasidan bir qator topshiriqlar bergandi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini taʼminlash, tadbirkorlarni soliq sohasidagi oʻzgarish va yangiliklar bilan tushuntirish maqsadida, 28-29-mart kunlari Davlat soliq qoʻmitasi rahbariyati boshchiligida joylarda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Davlat soliq qoʻmitasi raisning oʻrinbosari ishtirokida Yangihayot tumanida oʻtkazilgan uchrashuvda tumanimizda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirok etishdi.
Tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan 2022-yilning noyabr oyi davomida amalga oshirilgan ayrim maʼlumotlarga eʼtiboringizni qaratsak. Davlat soliq inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan tumanda jami 4 marotaba tadbirkorlar bilan bevosita muloqotlar oʻtkazildi.
Uchrashuvlarda qariyb 128 nafar tadbirkorlik subyektlariga soliq qonunchiligiga kiritilgan oʻzgarish va qoʻshimchalar, yangiliklar, avtomatlashtirilgan axborot tizimlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Ayni paytda tumanda 1195 taga yaqin tadbirkorlik subyektlari faoliyat koʻrsatadi. Yil boshidan buyon “Soliqchi-koʻmakchi ” tamoyili asosida tumanimizdagi 1195 ta korxonaning 76 ta muammolari oʻrganilib, mazkur muammolarning 54 tadan ortigʻi bevosita soliq xodimlari koʻmagida hal etildi.
Yangihayot tuman davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan tadbirkorlik subyektlari bilan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 28 ta korxonadagi 125 nafar norasmiy ishlovchi fuqarolar faoliyati qonuniylashtirildi.
Agar sohalar kesimida koʻrib chiqadigan boʻlsak, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarida 17 nafar, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish korxonalarida 83 nafar, qurilish korxonalarida 18 nafar hamda qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat yurituvchi 7 nafar fuqarolarning faoliyati rasmiylashtirildi va byudjetga 561,4 million soʻm qoʻshimcha mablagʻ yoʻnaltirildi.
Aytish kerakki, keyingi yillarda mamlakatimizda aholi va biznes uchun qulayliklarni oshirish, soliq munosabatlarida inson omilini kamaytirish maqsadida soliq maʼmuriyatchiligi tubdan isloh qilinmoqda.
Xususan, 2020-yilda yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi qabul qilindi. Soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Mol-mulk soligʻi esa 2 foizdan 1,5 foizga tushdi. Aylanmadan olinadigan soliq stavkasi oʻtgan yilgi foizdan saqlab qolindi. Natijada Yangihayot tadbirkorlarning ham islohotlarga ishonchi ortib, soliq tushumlari tumanda 1,5 baravar koʻpaygan boʻlsa, aylanmadan olinadigan soliq toʻlovchilar soni 1056 dan 1195 taga yetdi.
Joriy yilning Noyabr oyida “soliq-hamkor” dasturi orqali tuman hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari bilan bogʻliq soliq hukukbuzurliklar toʻgʻrisida jami 42 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, murojaatlar yuzasidan 42 ta sayyor soliq tekshiruvlari oʻtkazildi. 2022-yilning 4-choragi davomida tushgan ushbu murojaatlarning barchasi oʻz tasdigʻini topdi.
Murojaat qilgan 22 nafar fuqarolarning bank plastik kartochkasiga 7.9 mln. soʻm pul mablagʻlari belgilangan tartibda oʻtkazib berildi. noyabr oyi mobaynida 1 ta korxonaga yer soligʻi, 1 ta korxonaga mol-mulk soligʻi, 2 ta korxonaga ijtimoiy soliq, 2 ta korxonaga aylanmadan olinadigan soliq uchun soliq toʻlovlaridan imtiyoz qoʻllanildi.
Hurmatli tadbirkorlar!
Yangihayot tumani Davlat soliq inspeksiyasi xodimlari “Soliq-koʻmakchi ” tamoyili asosida Sizlarga yaqindan yordam berishga doimo tayyor. Bizga murojaat qiling. Barcha savollaringizga javob berishga va bilmaganlaringizni oʻrgatishga astoydil koʻmaklashamiz.
Akbarxon Ibragimov, Yangihayot tumani Davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi